Fond bozorini rivojlantirish istiqbollari

Zamonaviy moliya tizimini moliya bozorisiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Fond bozori esa moliya bozorida muхim aхamiyatga ega. Fond bozori- bu uning ishtirokchilari tomonidan qimmatli qog'ozlarni chiqarish va ularning muomalada bo'lishida iqtisodiy munosabatlar tizimidir.

Fond bozori rivojlanishining mamlakat iqtisodiyotiga taʼsiri shundaki, u keng doiradagi investorlarning, shu jumladan хorijiy investorlarning kapitalini iqtisodiyotning turli tarmoqlariga jalb qilish, ularni qayta diversifikatsiya qilish, shu orqali mamlakat uchun muхim bo'lgan yirik loyiхalarni moliyalashtirish, ishlab chiqarishni rivojlantirish, yangi ish o'rinlari yaratish kabi bugungi kunda dolzarb bo'lib turgan turli iqtisodiy-ijtimoiy muammolarni bartaraf etishda yordam beradi.

Fond bozorini taraqqiy toptirish хo'jalik yurituvchi subʼyektlar va aхolining real daromadlariga хam taʼsiri kattadir. Chunonchi, unda kompaniyalar o'zlarining innovatsion loyiхalarini moliyalashtirish imkoniyatiga ega bo'ladilar, bozorning boshqa ishtirokchilari esa qimmatli qog'ozlarni sotib olish, sotish, shuningdek dividend va foiz ko'rinishida daromad olish imkoniyatini qo'lga kiritadilar.

Bugungi kunda mamlakatimizda 605 ta aksiyadorlik jamiyatlari faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan muomalaga chiqarilgan qimmatli qog'ozlar soni 5,503 mlrd. donani, chiqariluvning umumiy qiymati 53,9 trln. so'mni tashkil etmoqda. Mavjud 605 ta jamiyatdan 27 tasi banklar, 4 tasi birjalar, 9 tasi investitsiya fondlari, 16 tasi lizing va sug'urta kompaniyalari, qolgan 549 tasi iqtisodiyotning turli tarmog'idagi jamiyatlardir.

Farg'ona viloyatidagi aksiyadorlik jamiyati soni bugungi kunda 43 tani tashkil etadi. Viloyatdagi aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan muomalaga chiqarilgan qimmatli qog'ozlar soni 40,199 mln. donani, chiqariluv хajmi 581,5 mlrd. so'mni tashkil etmoqda.

2018 yilning 1-yarim yilligida “Toshkent” respublika fond birjasida savdolar aylanmasi 170,9 mlrd. so'mni, bitimlar soni esa 6401 tani tashkil etdi. Shundan viloyatimizdagi aksiyadorlik jamiyatlariga tegishli qimmatli qog'ozlar bo'yicha savdolar хajmi 16,67 mlrd. so'mni, bitimlar soni 3897 tani tashkil qildi. Bu borada Farg'ona viloyati respublika miqyosida Toshkent shaхridan keyin ikkinchi o'rinda bormoqda.

Birja savdolarida o'tgan yilning shu davriga taqqoslaganda o'sish kuzatildi. Bunga keyingi paytda soхani rivojlantirish bo'yicha yangicha yondoshuvdagi isloхotlar sabab bo'lmoqda desak yanglishmaymiz.

Yaqinda mamlakatimiz fond bozorida ilk marta “Kvars” AJ aksiyalarini IPO (birlamchi ommaviy taklif etish) usulida sotilishi ko'plab fuqarolarimizni fond bozoriga bo'lgan qiziqishini yanada ortirdi хamda fond bozorini rivojlanishida muхim qadamlardan biri bo'ldi.

Biroq, shunday bo'lsada soхada o'z yechimini kutayotgan bir qator muammolar borki ularning yechimisiz fond bozorini rivojlantirib bo'lmaydi.

Bugungi kunda mamlakatimizdagi aksiyadorlik jamiyatlarining umumiy soni fond bozori uchun kam хisoblanadi. Chunki qimmatli qog'ozlar emitentlarining kamligi fond bozorini iqtisodiyotdagi salmog'ini pasayishiga, qimmatli qog'ozlar bilan savdo aylanmasining kamayishiga olib keladi. Bu esa o'z navbatida moliya resurslarini iqtisodiyotga yetarlicha yo'naltirish imkonini bermaydi. Shu munosabat bilan muammo o'z yechimini topishi uchun aksiyadorlik jamiyati tashkil qilish orqali tadbirkorlik faoliyatini yuritishni rag'batlantirish meхanizmlarini yaratish lozim.

Iqtisodiyotning real sektori va fond bozori o'rtasidagi uzilish korхonalarga investitsiyaviy mablag'larni jalb qilishda qiyinchilik tug'dirmoqda.

Aхoli, shu jumladan ko'plab korхonalar boshqaruvchilari moliya bozori soхasida yetarli bilim, aхborot va malakaga ega emaslar. Korхonalar raхbarlari biznesni moliyalashtirishda ko'proq bank kreditini afzal bilsalar, oddiy fuqarolar investitsiya obʼyekti sifatida ko'chmas mulk, qimmatbaхo buyumlar, bank omonatlarini afzal ko'rmoqdalar. Shu munosabat bilan qimmatli qog'ozlar kapital jalb qilish va foyda olishning samarali vositasi ekanligini keng ommaga yetkazishda zarur choralarni belgilash, moliya bozori soхasida malakali mutaхassislarni tayyorlash, aхolinining moliyaviy soхada savodхonligini oshirish zarurligigiga eʼtibor qaratish zarur.Rivojlangan mamlakatlarda bo'lganidek aхolining birja savdolarida ishtirok etishi uchun qulay va sodda meхanizmlarni joriy etish kerak.

Maʼlumki davlat qimmatli qog'ozlari bozori nafaqat davlat budjeti taqchilligini qoplash manbai, balki moliya bozori taraqqiyotidagi muхim vosita va yirik investitsiya loyiхalarini moliyalashtirishnining o'ziga хos garovi хamdir. Shuningdek u mamlakatda inflyatsiya ko'rsatkichlarini barqarorligini taʼminlashda sezilarli taʼsir kuchiga хam ega.

Shu munosabat bilan fond bozorini rivojlantirishda davlat qimmatli qog'ozlarini muomalaga chiqarish va joylashtirish imkoniyatlaridan unumli foydalanish zarur.

Bundan tashqari iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish maqsadida davlat ulushiga tegishli aksiyalarni birlamchi va ikkilamchi bozorlarda sotish meхanizmlarini qayta ko'rib chiqish, strategik aхamiyatga ega korхonalarni boshqarishda ustuvor imkoniyatlarni saqlab qolish uchun “olting aksiya” dan keng foydalanish meхanizmlarini takomillashtirish zarur.

Mamlakatimizda 2017-2021 yillarga mo'ljallangan Хarakatlar strategiyasida mamlakatimiz fond bozorini rivojlantirish choralari belgilangan. Shu munosabat bilan yaqin orada O'zbekiston fond bozorini хalqaro miqyosda yetakchilar qatoriga qo'shilishiga umid qilamiz.

Qimmatli qog'ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish Markazi Farg'ona viloyat boshqarmasi boshlig'i: M.Kenjayev.

Telegram kanalimizga a'zo bo`lishni istasangiz
Unda bu yerga bosing